Allaberganov Sardor
Sardor Allabergenov 1980-yil 20-oktabrda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug’ilgan. 1996-yilda o’rta maktabni tugatib, Behzod nomidagi institutga o’qishga kirgan va amaliy san’at fakultetining restavratsiya bo’limini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2003-yilda amaliy san’at yo’nalishida magistraturani muvaffaqiyatli tugatgan. Hozirda Toshkent shahrida yashab, ijod qiladi. O’zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi. Fransiya, Germaniya, Qozog’iston va Rossiyadagi xalqaro ko’rgazmalarda qatnashgan. Rassomning asarlari dunyoning turli mamlakatlaridagi xususiy galereyalarda hamda AQSH, Turkiya, Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlardagi xususiy kolleksiyalarda saqlanadi. Uning ijodi minglab san’at ixlosmandlariga yaxshi tanish. Ijodiy yo’l Men O’zbekistonning afsonaviy diyori, Xorazmda tug’ilganman. Shu tarixiy zaminda o’tgan bolaligim va yoshligim ijodiy yo’limni belgilab berdi. Asarlarimda ko’pincha ota-bobolarimiz merosiga murojaat qilaman, ayniqsa o’zining ulug’vorligi va go’zalligi bilan hayratga soladigan Xiva yodgorliklarini tasvirlayman. Bo’yoqlar yordamida xalqning hayoti va turmush tarzini, an’analarini va milliy o’ziga xosligini ifodalashga intilaman. Xorazm insoniyat tarixining eng qadimiy beshiklaridan biridir. Har qanday ijodkor inson kabi meni ham uning qadimiy tarixi va betakror me’morchiligi o’ziga tortadi. Ijodimda ikki-uch ming yil avvalgi voqealarga, qadimiy qal’alar va qadimgi Urganchning o’zi qurilgan davrga bag’ishlangan asarlar bor. «Tuproq qal’a» asari Buyuk ipak yo’liga bag’ishlangan. Rangtasvir asarlarim orqali milliy madaniyatimizga hissa qo’shishni va zamondoshlarimizga Xorazm tarixini ko’rsatishni istayman. Bugungi ijodimning asosiy mazmuni: kundan-kunga go’zallashib borayotgan Xorazm qiyofasini, ta’lim olib, kelajak orzusi bilan mehnat qilayotgan yosh avlodni va odamlar atrofidagi o’zgarib borayotgan dunyoni kuylashdir.
Asarlari
1Ostonadagi yorug‘lik
muallif Allaberganov Sardor
